Ovozli tinglash

Tesla aksiyalari 18-noyabr, dushanba kuni, saylangan prezident Donald Trampning o‘tish guruhi federal uchuvchisiz avtomobillarni tartibga solish tuzilmasini AQSH Transport vazirligi uchun asosiy ustuvor vazifaga aylantirishni rejalashtirayotgani haqidagi xabardan so‘ng ko‘tarildi. AQShdagi dastlabki savdolarda Tesla aksiyalari 7,98 foizga oshdi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning o‘tish guruhi uchuvchisiz avtomobillar uchun federal me’yoriy bazani ishlab chiqish maqsadida Transport vazirligi uchun siyosat yetakchilarini qidirmoqda. Ular orasida Uber’ning sobiq rahbari Emil Maykl, shuningdek, Missuridan respublikachi Sem Greyvs va Luiziana shtatidan Garret Greyvs bor.

Ilon Mask Trampni Oq uyga qaytarishga yordam berish uchun 200 million dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. Texnologik milliarder endi Tramp bilan o‘rnatgan yaxshi munosabatlaridan foyda ko‘rishi kutilmoqda.

Tesla’ning uzoq muddatli maqsadi inson nazorati talab qilinmasdan odamlarni tashishi mumkin bo‘lgan "robotaksi" deb ataladigan avtonom transport vositalari parkini yaratishdan iborat. O‘tgan oyda Mask Tesla robotaksisini - "Cybercab" deb nomlangan, rulsiz va pedalsiz, taxminan 30 000 dollarlik ikki o‘rinli transport vositasini namoyish etdi.