Ovozli tinglash

AQSH prezidenti Donald Trampning yangi bojlari amerikalik yarimo‘tkazgich uskunalari ishlab chiqaruvchilariga yiliga 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ga tushishi mumkin, deb xabar berdi Reuters’ning ikki manbasi.

AQShdagi mikrosxemalar uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi uchta yirik kompaniya - Applied Materials, Lam Research va KLA’ning har biri tariflar tufayli yiliga 350 million dollarga yaqin zarar ko‘rishi mumkin, dedi manbalar. Onto Innovation kabi kichikroq raqobatchilar ham o‘nlab million dollarlik qo‘shimcha xarajatlarga duch kelishlari mumkin.

Chip uskunalarini ishlab chiqarish sanoati uchun potensial milliardlab xarajatlar va bu xarajatlar bo‘yicha sanoat rahbarlari va AQSH rasmiylari o‘rtasida bir necha kun davom etgan muzokaralar haqida birinchi marta ma’lum bo‘ldi. Kompaniyalar mikrosxemalar ishlab chiqarish uchun dunyoda eng ko‘p talab qilinadigan uskunalardan birini ishlab chiqaradi, buning uchun minglab maxsus detallar kerak bo‘lishi mumkin.

AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden Xitoy korxonalariga yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalar yetkazib berishni cheklashga qaratilgan bir qator eksport nazorati choralarini joriy etganidan so‘ng, mikrosxema ishlab chiqarish uskunalari ishlab chiqaruvchilari allaqachon milliardlab dollar daromadlarini yo‘qotdi.

The Wall Street Journal’ning yozishicha, AQSH moliya elitasi Donald Trampning tariflar joriy etish haqidagi va’dalarini faqat saylovoldi kampaniyasi uchun populistik shiorlar deb hisoblagan. Biroq Tramp bu va’dalarni amalga oshirishni boshlaganidan so‘ng, moliyachilar va iqtisodchilar shok holatiga tushib qolishdi.

Avvalroq Amerikaning Nvidia kompaniyasi AQSH hukumati tomonidan Xitoyga mikrosxemalar eksportiga qo‘yilgan cheklovlar tufayli 5,5 mlrd dollar yo‘qotishlarni kutayotgani xabar qilingandi.